Ahmad, Said
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Said Ahmad Mashhur oʻzbek adibi Said Ahmad (Saidahmad Husanxoʻjaev) 1920 yilning 10 iyunida Toshkent shahrining «Samarqand darvoza» mahallasida tugʻilgan.
Uning bolaligi Abdulla Qodiriy, Elbek, Oybek, Gʻafur Gʻulom singari adiblar davrasida oʻtdi. Tabiatan qiziquvchan, tinib-tinchimas Said Ahmad adabiyotga kirib kelguncha juda koʻp sohalarda oʻzini sinab koʻrdi: agitplakatlar yozdi, artist boʻlishga urinib koʻrdi, doktorlik maktabida oʻqidi, qurilish texnikumida tahsil oldi, rassomlik maktabiga qatnadi, mashhur fotochi Rensonga shogird tushdi, gazetalarga xabarlar yozdi.
U Nizomiy nomidagi pedinstitutda bir muddat oʻqigach, 1941 yilda «Mushtum» jurnalida ishladi. 1942—1943 yillarda respublika radiosida, 1943—1947 yillarda «Qizil Oʻzbekiston» gazetasida, 1948—1950 yillarda «Sharq yulduzi» jurnalida mehnat qildi. 50-yillar boshida millatchi sifatida bir necha yil qamalib ham chiqdi. Milliy istiqlol yoʻlidagi xizmatlari uchun Said Ahmad 1999 yilda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan.
Said Ahmad hikoyanavis sifatida tanilgan. Uning «Choʻl burguti», «Lochin», «Boʻston», «Toʻyboshi», «Jimjitlik», «Turnalar», «Hayqiriq», «Alla», «Muhabbatning tugʻilishi», «Qorakoʻz Majnun» singari oʻnlab hikoyalarida sadoqat, mehr, odamgarchilik, ishonch, eʼtiqod singari maʼnaviy qadriyatlar taʼsirchan aks ettirilgan. Adib hikoyalarida inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga katta eʼtibor berganligi uchun ham bitganlari zavq bilan oʻqiladi va u prozaning shoiri hisoblanadi. Yozuvchi hajviy hikoyalar yaratish boʻyicha Qahhor anʼanalarini davom ettirgan ijodkordir. Uning «Sobiq», «Qoplon», «Oʻrik domla», «Mening doʻstim Babbaev», «Muzey», «Boʻri ovi», «Xandonpista» kabi koʻplab hajviyalarida inson tabiatidagi qusurlar badiiy tadqiq etiladi. Said Ahmad hajviy soʻz jilolarini nozik payqaydi va undan mohirona foydalanadi.
Said Ahmad nasrning deyarli barcha janrlarida qalam tebratadi. Uning qishloq mavzusidagi «Qadrdon dalalar» (1949), «Hukm» (1958) qissalari, chalkash insoniy taqdirlar mahorat bilan aks ettirilgan «Qirq besh kun» (1974) «Hijron kunlari» (1964), «Ufq boʻsagʻasida» (1969) romanlaridan iborat «Ufq» trilogiyasi, inson qismati turgʻunlik davri qabohatlari fonida tasvirlangan «Jimjitlik» (1988) romani, Bolalar hayoti ifodalangan «Sherzod va Gulshod» (1945), dunyoning etti burchiga yoyilgan «Kelinlar qoʻzgʻoloni» (1976), yolgʻiz moʻysafid ruhiy iztiroblari aks ettirilgan «Kuyov» (1986) singari sahna asarlari adibning katta ijodiy imkoniyatlaridan dalolatdir.
[tahrir] Adabiyotlar
Mirvaliev S. Oʻzbek adiblari. -T.: «Yozuvchi», 2000. Karimov N.va boshqalar 20 asr oʻzbek adabiyoti tarixi.-T.: «Oʻqituvchi», 1999. Q. Yoʻldoshev va boshqalar Adabiyot (6-sinf). -T.: «Oʻqituvchi», 2000.
Bu maqola Oʻzbek tili tipografik qoidalariga muvofiq yozilgan. |
|
Ўз |
Iltimos Oʻzbek tili tipografik qoidalariga eʻtibor bering. Bu maqolada hamma ' va ` belgilari toʻgri belgilar bilan ʼ va ʻ) almashtirilgan. |
Bu sahifa O`zbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichinidan o`tgan. |
|
Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnunn bo`lmasangiz, Vikipedia: Birinchi bosqich betida fikrlaringizni yozib qoldiring. |