Hamza Hakimzoda Niyoziy
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889—1929) Hamza jadid adabiyoti namoyandasi, shoir, dramaturg, adib va muallim.
1889 yili Qoʻqon shahrida tugʻildi. Eski maktabda, madrasada va ovrupocha maktabda taʼlim oldi.
Hamza usuli jadid maktablarining faol tashkilotchilaridan. U 1910 yili Toshkentda, 1911 yili Qoʻqonda, 1914 yili Margʻilonda, shu yili yana Qoʻqonda shunday maktablar ochadi. Muallimlik, tashviqotchilik bilan shugʻullanadi.
10-yillar oxiridan gazeta va jurnallar chiqarishga kirishadi. «Kengash» (1917), «Hurriyat» (1917) jurnallarini taʼsis etadi, ularga muharrirlik qiladi.
1918 yili Hamza sayyor dramtruppa tuzadi. Bu truppa uchun oʻzi dramalar yozadi. «Tarjimai hol»ida taʼkidlashicha, bu truppada oʻzi rejissyorlik, artistlik, suflyorlik qilgan.
U Xitoy, Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Turkiya va Arab mamlakatlarida boʻlgan. Haj amallarini bajargan.
1920 yili Qoʻqonga qaytib kelib, maorif sohasida xizmat qiladi. Shu yil oxirida Buxoroga boradi. Bir yilcha yashab, 1921 yil soʻnggida Toshkentga va undan Xorazmga oʻtadi va u erda profsoyuzning madaniy-maorif shu’basida ishlaydi. Xorazmdan Xoʻjayliga borib, 1924 yil iyulgacha oʻzi tashkil etgan internatda faoliyat koʻrsatadi. 1925 yili Fargʻonaga borib, Shohimardonda kolxoz tuzish, maktablar ochish, xalqning savodini chiqarish ishlari bilan shugʻullanadi.
1928 yildan unga nisbatan taʼqib va tazyiq koʻrsatila boshlaydi. Moddiy va maʼnaviy qiyinchilik, iztiroblarni boshdan kechiradi. 1929 yil 18 martda Hamza toshboʻron qilinib, vahshiylarcha oʻldiriladi.
Shoirning «Gul» (1913—1916), «Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi» (1915—1917) sheʼriy toʻplamlaridagi «Yigʻla Turkiston», «Yaxshi holin yoʻqotgan oqibatsiz Turkiston», «Koʻzni oching, qardoshlar», «Darmon istariz» kabi sheʼrlarida milliy uygʻonish gʻoyasi katta mahorat bilan ifodalangan.
Hamza dramaturg sifatida «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» (1916), «Tuhmatchilar jazosi» (1919), «Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi» (1926), «Paranji sirlaridan bir lavha yoki Yallachilar ishi» (1927) kabi asarlari orqali oʻzbek adabiyotini boyitdi. «Yangi saodat» milliy romani oʻzbek nasrining ilk namunalaridan.
Maʼrifat, milliy istiqlol va ozodlik gʻoyalari Hamza ijodining leytmotivini tashkil qiladi.
Hamza jahon adabiyoti va matbuotiga katta qiziqish bilan qaradi. Rossiya, Tatariston, Ozarbayjon, Turkiya va Arab mamlakatlari adabiyoti namunalarini mutolaa qildi. U yerlardagi maorif-oʻqitish sohasidagi yangiliklarga qiziqdi. Ulardan oʻz faoliyatida samarali foydalandi.
Hamza ijodi bilan OʻzMU professori L. Qayumov koʻp yillardan beri shugʻullanib keladi. Bundan tashqari, M. Rahmonov, Yu. Sultonov kabi olimlar ham tadqiqotlar yaratganlar.
Toshkent shahrining markaziy tumanlaridan biriga Hamza nomi berilgan.
[tahrir] Nashr qilingan asarlari
- Niyoziy H.H. Toʻla asarlar toʻplami. Besh jildlik, T.: Fan, 1988—1990.
[tahrir] Ilmiy adabiyotlar
- Rahmonov M. Hamza Hakimzoda Niyoziy va oʻzbek teatri. T., 1959.
- Sultonov Yu. Hamza. T., 1979.
- Qayumov L. Saylanma. Ikki tomlik. T., 1981, 1983.
- Hamza Hakimzoda ijodi problemalari (toʻplam). T., 1990.
Bu maqola Oʻzbek tili tipografik qoidalariga muvofiq yozilgan. |
|
Ўз |
Iltimos Oʻzbek tili tipografik qoidalariga eʻtibor bering. Bu maqolada hamma ' va ` belgilari toʻgri belgilar bilan ʼ va ʻ) almashtirilgan. |
Bu sahifa O`zbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichinidan o`tgan. |
|
Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnunn bo`lmasangiz, Vikipedia: Birinchi bosqich betida fikrlaringizni yozib qoldiring. |