O`rta Osiyo (Eneolit va Bronza davri)
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eneolit va Bronza davri
O`rta Osiyoda dehqonchilik madaniyatining paydo bo`lishi eramizdan avalgi 3-2 ming yilliklarga to`g`ri keladi. Eramizdan avvalgi 3-ming yillikning ikkinchi yarmi, 2-ming yillikning birinchi yarmida Amudaryoning yuqori qismida aholi punktlari paydo bo`lgan edi. Bu yerlik aholi Badaxsxon yoqutini (lazurit) ishlab chiqish va sotish ishlarida ishtirok etardi. Shuningdek ular bilan Hindistondagi Xarapp madaniyati o`rtasida o`sha davrdayoq aloqalar mavjud bo`lgan. Eramizdan avvalgi 2-ming yillikda hind-eron (oriylar) qabilalarining O`rta Osiyo hududi va unga tutushgan sahrolar orqali janubda Hindiston, janubiy-sharqda Midiya va Fors davlati, sharqda Sharqiy Turkiston sari migrasiyasi yuz bergan.
Dehqonlarning qadimiy maskanlaridan bo`lgan Zarafsxon vohasidagi Zamonbobo hududida uy hayvonlarining suyaklari, bug`doy va arpa donlari, toshdan yasalgan dehqonchilik uskunalari topilgan. Panjikentdan uncha uzoq bo`lmagan Sarazm qishlog`i atrofida eneolit va bronza davriga oid dehqonchilik maskani topilgan bo`lib, uning hududi 90 gektardan ziyodroq maydonni qamrab oladi. Qadimiy dehqonchilik maskanlari Surxondaryoda - Sopollitepa va Jaro`qtonda ham topilgan. Xorazm hududida topilgan va bronza davriga oid bo`lgan arxeologik yodgorliklar Tozabog`yobsoy dehqonchilik madaniyati nomini olgan. Ko`kcha, Qavat-3 dehqonchilik maskanlari 2-ming yillikning o`rtalarida vujudga kelgan. Bu yerda qadimiy kanallar mavjud bo`lgani aniqlangan. Eramizdan avvalgi 1-ming yillikning boshlarida Xorazmda sun'iy sug`orish texnikasi rivoj topishi asnosida Amirobod madaniyati shakllangan. Shu tariqa Farg`ona vodiysi aholisi ham asta-sekinlik bilan o`troq turmush tarziga o`tib, dehqonchilik bilan shug`ullana boshlaydi. Xususan, eramizdan avvalgi 2-ming yillikning yakuni va 1-ming yillikning boshida Farg`ona vodiysida Chust dehqonchilik madaniyati paydo bo`lgan. 1-ming yillikning boshlarida Samarqand, Marv, Yerqo`rg`on, Axsikent, Xiva kabi shaharlar vujudga keladi. Shuningdek, ushbu davrda zardushtiylikning Avesto kitobi va qahramonlik eposlari paydo bo`ldi.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |