O`zbekiston Futbol Federatsiyasi
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
O`zbekiston Futbol Federatsiyasi
Futbol – O`zbekistondagi madaniy hayotning ajralmas qismidir. O`zbek futbolining tarixi chuqur va mustahkam ildizga ega bo`lib, bu ildizlar XX asr boshlariga borib taqaladi. 1912-yildayoq, hozirga kelib “Millionlar o`yini” deb atalayotgan mazkur o`yin “kasalligi” bilan Farg`ona va Qo`qonning butun aholisi “og`rigan” edi. O`zbek futboli tarixidagi ilk jamoa ham aynan shu vohada paydo bo`lgani ham fikrlar isbotidir. Shundan so`ng, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan hamda O`zbekistonning boshqa shaharlarida turli futbol klublari paydo bo`la boshladi. O`tgan asrning 20-yillari o`rtalariga kelib, mamlakat birinchiligi baxslari ham o`tkazila boshladi.
1928-yilda O`zbekiston Milliy terma jamoasi asos solindi. O`sha kezlarda endi tashkil etilgan jamoa Moskvada o`tgan spartakiada baxslarida o`ziga hos natijalarni qayd etdi.
30-yillarga kelib, o`zbekistonlik futbolchilar xalqaro o`yinlar doirasida birinchi g`alabani nishonlashdi. Havaskor futbolchilardan tashkil topgan Norvegiya va Germaniya terma jamoalari mag`lubiyatga uchratildi.
1939-yildan e’tiboran, O`zbekistonning yetakchi jamoalari, jumladan Toshkentning “Dinamo”, “TODO”, “Spartak” kabi futbol klublari Sobiq Ittifoq birinchilgi hamda mamlakat Kubogi o`yinlarida, B toifasidagi sport ustalari o`rtasidagi musobaqalarda ishtirok etishni boshlashdi.
1956-yilda esa, hozirga kelib, nafaqat O`zbekistonning, balki butun Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri “Paxtakor” futbol klubiga asos solindi. “Paxtakor” jamoasi 1962 hamda 1982-yillarda Sobiq Ittifoq chempionatida 6-o`rinni egalladi, 1968-yilda esa jamoa vakillari Sobiq Ittifoq Kubogi baxslarining finaliga yo`l olishgan. O`sha kezlarda Toshkent viloyati sharafini himoya qiluvchi “Politotdel”, Jizzaxning “Bo`ston”, Farg`onaning “Neftchi”, Namanganning “Navbahor”, Samarqandning “Dinamo” klublari ham Sobiq Ittifoq chempionatining birinchi ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
1991-yilda O`zbekiston Mustaqillikka erishgach, O`zbekiston Futbol Federatsiyasi (O`FF) 1994-yildan boshlab, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) hamda FIFAning to`laqonli a’zosiga aylandi. Shu yo`l bilan mamlakat jamoalari yirik xalqaro turnirlarda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi. Jahon va Osiyo chempionati baxslari, Olimpiada va Osiyo o`yinlari musobaqalari o`z navbatida Federatsiya raxbarlarini futbol mutaxassislari, murabbiylar va barcha darajadagi murabbiylariga bo`lgan munosabatlarini tiklash va qayta yo`lga qo`yish imkoniyatini yaratib berdi.
Ana shu e’tibor va harakatlar bois, turli yillarda Farg`onaning Neftchi hamda Qarshining Nasaf jamoalari Osiyoning klublar o`rtasidagi nufuzli Qit’a Kubogi o`yinlarida muvafaqqiyatli ishtirok etdi.
Yutuqlardan bir shingil sifatida, O`zbekiston terma jamoasining 1994-yilda, Yaponiyaning Xirosima shahrida o`tkazilgan Osiyo o`yinlarida champion bo`lganini alohida tilga olish mumkin. Bu hozirga qadar, O`zbekiston terma jamoasining eng katta yutuqlaridan biri sanaladi.
Shuningdek, 2000-yilda Futzal, ya’ni mini-futbol bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionati ikkinchi o`rinni egalladi.
2002-yilga borib, 20-yoshgacha bo`lgan futbolchilardan iborat O`zbekiston yoshlar terma jamoasi Jahon Chempionatining final qismiga yo`llanmani qo`lga kiritdi.
Terma jamoalarning muvaffaqiyatli ishtiroklari, klub va bolalar futbolining tezkor ravishda rivojlanishini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug`aniyevich Karimov hamda mamlakat hukumatining diqqat va e’tibori bilan bog`lash mumkin. O`zbekistonning mustaqillik yillarida Vazirlar Mahkamasining O`zbekistonda futbolni rivojlantirish borasidagi qarorlari futbolni rivojlantirishga xizmat qildi. Bu orada, mini-futbol, ayollar hamda bolalar va o`smirlar futboli, ommaviy futbolni rivojlantirish borasida barcha masalalarni hal qiladigan, turli savollarga javob beradigan normativ baza yuzaga keldi. Bu esa, xalqaro musobaqalarda terma jamoalar va klublarning muvaffaqiyatli ishtirokiga sabab bo`ldi.
O`zbekistonda jismoniy tarbiya sportni rivojlantirishning keyingi istiqbollarini ko`zlagan holda, O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport haqidagi” qonun loyihasi 2000-yilning 26-mayida qabul qilindi. Shundan so`ng, O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining ana shu boradagi qator qonunlari e’lon qilindi:
“O`zbekiston Respublikasida futbolning keyingi istiqbollarini belgilash to`g`risida”gi Qonuni (144-sonli; 18/03/1993)
“O`zbekistonda futbol taraqqiyotining prinsiplari va asoslarini tubdan amalga oshirish to`g`risida”gi Qonuni (27-sonli, 17/01/1996)
“O`zbekistonda Futbol taraqqiyoti jamg`armasining faoliyatini yaxshilash va uni qo`llab quvvatlash to`g`risida”gi Qonuni 1998-yilning 6-iyulida qabul qilib, 238-sonli qonun etib belgilab qo`yildi. Bu qonun O`zbekistonda futbolni rivojlantirish bo`yicha 2006-yilgacha amalda bo`ladigan milliy dasturga ishora edi.
1996-yilning 17-yanvarida qabul qilingan 27-sonli qonun yordamida professional klublar tizimi orqali respublikada futbolni rivojlantirish siyosati aniqlab olindi. O`zbekiston chempionatining Oliy Ligasida hozirga kelib, 14 ta jamoa ishtirok etadi. Birinchi Ligada esa, 20 ga yaqin professional futbol klublari kurash olib bormoqda. 200 dan ortiq klublar esa, ikkinchi ligada birinchi liga yo`llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.
O`lkadagi futbol klublari hamda terma jamoalarga o`rinbosarlar tayyorlash maqsadida mamlakatning barcha tumanlarida futbol bo`yicha ixtisoslashgan maktab-internatlar ochilgan.
Ana shu yosh iqtidorlarning kelajagi uchun mas’ul bo`lgan murabbiylar hamda hakamlarning malakasini oshirish bo`yicha, Toshkentda FIFA hamda OFK mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminarlar ham uyushtirildi.
Bu orada respublikadagi stadionlar qayta ta’mirdan chiqib, ya’ni o`yingohlar barpo etildi. Bundan tashqari mini-futbol baxslari uchun qator maydonlar qurildi.
O`zbekistonning boshqa hududlarida ishlarni tashkil etish uchun O`zbekiston Futbol Federatsiyasi tarkibidagi viloyat futbol federatsiyasi yaratildi. Ana shu federatsiyalar O`zbekiston Futbol Federatsiyasiga kerakli ma’lumotlarni o`z vaqtida to`g`ridan to`g`ri yetkazib turadi.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |