Sharafiddinov, Ozod
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ozod Sharafiddinov Adabiyotshunos, adabiy tanqidchi O.Sharafiddinov 1929 yil 1 martda Qoʻqon yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻildi. Toshkentdagi 14-oʻrta maktabni, Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955). Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shugʻullandi, oʻzbek sheʼriyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. Oʻsha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) asarida oʻz aksini topgan. XX asrning 60-80 yillarida u Choʻlpon hayoti va ijodini targʻib qilishga intildi. O. Sharafiddinov oʻzbek adabiyotining Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: «Isteʼdod jilolari» (1976), «Adabiy etyudlar» (1968), «Abdulla Qahhor» (1988), «Birinchi moʻjiza» (1979). Olim ijodida oʻzga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan «Yalovbardorlar» (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim oʻrin egallaydi. O. Sharafiddinov XX asrning 60- yillaridan XIX asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiy jarayonidagi holatlarni «Talant – xalq mulki» (1979), «Adabiyot – hayot darsligi» (1981), «Goʻzallik izlab» (1985), «Haqiqatga sadoqat» (1988), «Sardaftar sahifalari» (1999), «Prezident» (2003) singari asarlarida aks ettirdi.
Mustaqillik yillarida O. Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlani amalga oshirdi. «Choʻlpon» (1991), «Choʻlponni anglash» (1994) kitoblari, «E'tiqodimni nega oʻzgartirdim» (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. Keyingi yillarda O. Sharafiddinov oʻzbek adiblari, madaniyat-sanʼat arboblari, olimlar haqida oʻnlab maqolalar yozdi. U jahon adabiyotining koʻplab namoyandalari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. "Koʻlmak suvda quyosh parchasi" (fransuaza Sagan), «Qadimgi xitoy nasri namunalari», «Monumental targʻibot» (Vl. Boynovich), «Al-ximik» (Paulo Koel’o) singarilar.
O. Sharafiddinov XX asrning 90-yillari oʻrtalarigacha Oʻzbekiston Milliy universitetida professor boʻldi. 1995—1997 yillarda «Tafakkur» jurnali bosh muharrir oʻrinbosari vazifasini bajardi. U 1997 yildan beri «Jahon adabiyoti» jurnalining bosh muharriri. O. Sharafiddinov Beruniy nomidagi Davlat Mukofoti laureati (1970), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999), «Mehnat shuhrati» (1997) ordenlari sohibi. 2002 yil 23 avgustda O. Sharafiddinovga «Oʻzbekiston qahramoni» unvoni berildi.
[tahrir] Asarlari
- O. Sharafiddinov. Zamon. Qalb. Poeziya. Toshkent, Badiiy adabiyot nashriyoti, 1962.
- O. Sharafiddinov. Isteʼdod jilolari. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1976.
- O. Sharafiddinov. Choʻlponni anglash. Toshkent, «Yozuvchi», 1994.
- O. Sharafiddinov. Sardaftar sahifalari. Toshkent, «Yozuvchi», 1999.
- O. Sharafiddinov. Prezident. Toshkent, «Adolat», 2003.
[tahrir] Adabiyotlar
- Rasulov A. Isteʼdod va eʼtiqod. Toshkent, «Sharq» NMK, 2000.
- Toʻplam. Matonat va muhabbat. Toshkent, «Universitet», 1999.
Bu maqola Oʻzbek tili tipografik qoidalariga muvofiq yozilgan. |
|
Ўз |
Iltimos Oʻzbek tili tipografik qoidalariga eʻtibor bering. Bu maqolada hamma ' va ` belgilari toʻgri belgilar bilan ʼ va ʻ) almashtirilgan. |
Bu sahifa O`zbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichinidan o`tgan. |
|
Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnunn bo`lmasangiz, Vikipedia: Birinchi bosqich betida fikrlaringizni yozib qoldiring. |