Sharipov, Husniddin
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Husniddin Sharipov 1933 yil 10 fevralda Namanganning Pop shahrida tugʻildi. Namangan qishloq xoʻjalik texnikumini (1949) va Toshkent qishloq xoʻjalik institutini (1954) tugatgan. Oʻrmon-melioratsiya injeneri.
Namangan oʻrmon xoʻjalik idorasida injenerlik qildi (1954—1956), viloyat gazetasida adabiy xodim va mas’ul kotib boʻlib ishladi. 1960 yildan «Oʻzbekiston madaniyati» gazetasida adabiy kotib, keyin «Sharq yulduzi» jurnali sheʼriyat boʻlimiga mudir boʻldi (1962—1969, 1976—1977, 1982—1983). 1984—1993 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi.
«Navoiy» deb atalgan dastlabki sheʼri 1948 yilda, birinchi sheʼriy kitobi — «Nihol» 1956 yilda bosilib chiqqan. XX asrning oltmishinchi yillarida «Koʻngil buyurgani» (1961), «Quyoshga oshiqman» (1963), «Tuproqqa qasida», «Yerning qalbi» (1965), «Men sizga aytsam» (1968) sheʼriy toʻplamlari, yetmishinchi yillarda «Lirika» (1970), «Dostonlar» (1978) kitobi va «Bir savol» sheʼriy romani (1973), saksoninchi yillarda esa «Hayajonli daqiqalar» (1980), «Oh, goʻzal» (1981), «Xirmon» (1985), «Yana visol» (1987) hamda ikki jildli «Saylanma» asarlari (1983) nashr etildi. U bolalar uchun «Ukajonlarimga» (1963), «Bu yogʻi nima boʻladi» (1973), «Chavandoz» (1974) kitoblarini yaratgan. Shoirning «Seni sevaman» (1958), «Ota oʻgʻil» (1964), «Afsona» (1975), «Chollar va kampirlar» (1979), «Yor istab» (1993) kabi peʼsalari markaziy va viloyat teatrlarida sahnalashtirildi. Toshkent nashriyotlarida «Vsyo tot je ya» (1970), «Privet ot Satvaldi» (1977), «Sovetskiy pisatel» nashriyotida «Samoye dorogoye» (1980) kitobi rus tilida bosilib chiqqan. Uning oʻzi J. Lafonten, I. Turgenev, U. Uitmen, V. Mayakovskiy, B. Brext, P. Neruda, R. Hamzatov asarlarini oʻ'bekchaga tarjima qilgan.
Soʻnggi yillarda H. Sharipovning «Yor istab» (1992) sheʼriy toʻplami, «Ming ikkinchi kecha» (1992) va «Qaltis yurish» (1999) dostonlari, «Doʻstim Tojiddin» (2001) nomli hujjatli qissasi, «Asiringman» (2003) nomli saylanma asarlari nashr etildi. Eng sara asarlari, ruschadan tashqari, ukrain, ozarbayjon, tojik, oʻrdu, polyak, turk, belorus tillariga tarjima etilgan.
Shoir ijodining qamrovi keng: u fazokor parvozidan ham, dehqon kuymanishlaridan ham, ayol qalbi goʻzalligidan ham birday zavq oladi. Holat va ruhiy harakat ifodasida aniqlikni, tilda lutfni sevadi.
H. Sharipov — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1983), «Mustaqillik» medali (1992) va «Mehnat shuhrati» ordeni (2000) bilan taqdirlangan.
[tahrir] Asarlari
- H. Sharipov. Saylanma. 2 jildlik. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1983.
- H. Sharipov. Yor istab. Toshkent, «Yozuvchi», 1992.
[tahrir] Adabiyot
- O. Sharafiddinov. Nihol chinor boʻlibdi. Kitobda: H. Sharipov, Saylanma, I jild. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1983.
Bu maqola Oʻzbek tili tipografik qoidalariga muvofiq yozilgan. |
|
Ўз |
Iltimos Oʻzbek tili tipografik qoidalariga eʻtibor bering. Bu maqolada hamma ' va ` belgilari toʻgri belgilar bilan ʼ va ʻ) almashtirilgan. |
Bu sahifa O`zbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichinidan o`tgan. |
|
Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnunn bo`lmasangiz, Vikipedia: Birinchi bosqich betida fikrlaringizni yozib qoldiring. |